* * *
Asfaltni yorib chiqqan maysani ko’rganingizda dilingizda qanaqa tuyg’ular charx uradi? Ehtimol achinish hislaridir. Asfaltgami? Maysagami! Balki shu nozikkina bargga qilichday qudrat ato etgan ona tabiatga tahsinlar o’qirsiz.
Ehtimol, bu narsalarning hammasi siz uchun ahamiyatasizdir?!
Yo’q, men bunga ishonmayman!
* * *
Qishning izg’irinli, uzun tunlaridan birida seni eslab qoldim-yalang’och novda.
Sovuq qotib qolmadingmi? Yovuz kuch bilan kurashda mag’lub bo’lmadingmi? Vujuding muzlamadimi?
Senga qudrat tilayman!
* * *
To’qqizinchi-o’ninchi sinf "Biologiya" kitobida inson embrionining rasmi berilgan. U juda ham baliqqa o’xshab ketadi: dumi, jabrasi bor.
G’alati: bir zamonlar bobokalonlarimiz baliq bo’lish- maganmikin?
* * *
Daraxt — tabiiy nasos. Botqoqliklarni quritish uchun daraxt o’tqazish tavsiya etiladi. Lekin buning aksi o’laroq daraxtlar qirilgan joylarda ariqlar, buloqlar qurib qoladi.
Bir-biriga zid holat. Shunday emasmi?!
Ma’lum bo’lishicha, yerda nam haddan ko’p bo’lganda daraxt uni bug’lantirarkan, kam bo’lganda, aksincha havodagi namni tortib olarkan.
* * *
Moskvada meni hayajonga solgan bir voqyea haqida gapirmoqchiman.
Botanika bog’ida yurgan edim. Osmonga bo’y cho’zgan qrim qarag’ayi (uni Abu Ali ibn Sino: "sanavbar daraxti" deb ataydi) shoxchasida bir olmaxon paydo bo’ldi. Meni ko’rib, qochib qoladi, deb o’ylagandim, unday bo’lmadi: jonivor menga qarab yugurib kela boshladi. Men andak sarosimalanib qoldim, keyin shoshilinch cho’ntagimga qo’l soldim: har qalay bir nechta pista danaklari qolgan ekan, ana shu ne’matni kaftimga qo’yib, dumi baroq mo’jizaga uzatdim. U andak ikkilanib turdi-yu, tumshug’ini cho’zdi. Hademay uning issiq nafasi kaftimga tegdi va dilim behudud hayajonga to’ldi.
* * *
Комментариев нет:
Отправить комментарий