To’ldirilgan beshinchi nashri
* Farzandga yetti nasihat
* Shu tiyran ko’zlar
* Buyuk Kaykovus yozadi
* Millatchilik – ojizlik alomati
* Inson pulni kashf etgandan buyon unga zoriqib yashaydi
* Bu kitobni o’qib, eng yaqin kishingizga tuhfa eting
74,90
R33
Nusrat Rahmat
Farzandga o’gitlar.-To’ldirilgan, 5-nchi nashr.-T.:
Taniqli publisist Nusrat Rahmatning qo’lingizdagi «Farzandga o’gitlar» kitobi oldin «O’gitnoma» nomi bilan nashr etilgan. Kitob o’quvchilar tomonidan iliq qarshilandi va har gal ham tez tarqalib ketdi. Muallif o’tgan vaqt oralig’ida muxlislar bildirgan ko’plab taklif-mulohazalarni hisobga olib, kitobning to’ldirilgan beshinchi nashrini hukmingizga havola etmoqda. Ushbu nashr ham siz aziz kitobxonlarning e’tiboringizga sazovor bo’ladi, degan umiddamiz.
DEBOCHA
Kunlardan birida mukka tushib, nasihatnoma yozayotganimda, tanqidchi do’stim, odatdagidek miyig’ida kulib, zaharxanda qildi.
— Endi hamma pandu nasihatlarni Kaykovus bilan Navoiy bitib ketgan, chamamda...
— Faqat Mir Alisher Navoiy bilan Kaykovus emas, Ro’dakiy bilan Yusuf Xos Hojib, Ibn Sino bilan Maxtumquli ham o’gitnomalar bitishgan.
— Shunday buzruk allomalardan ham qolib ketgan gaplar bor ekanmi-a,— chimchilab olmoqchi bo’ldi u.
— Bor ! — zarda bilan javob qaytardim,— masalan, bu daho- lar qul yoki xizmatkor sotib olish; podsholik, vazirlik taomillari xususida rosa yo’l-yo’riq ko’rsatishgan-u, tabiatni muhofaza qilish, millatni qadrlashdek zaruratlar haqida lom-mim deyishmagan.
— Ularning zamonida ...
— Ha, barakalla, endi o’zingga kelding,— uning kalomini lablaridan yulib oldim,— modomiki, zamonlar o’zgarishi bilan nasihatlarning mazmun-mohiyati ham digargun bo’lar ekan, kimdir yangi o’gitlar bitmog’i kerak-ku!
— Buning uchun o’sha donishmandlarday nuroniy va zakiy bo’lmoq zarurmi, deb uylayman-da...
— Yo’q, ular sen o’ylagandek, juda munkayib qolgandan keyin qalam uchidagi gaplarini kog’ozga tushirishmagan — aksariyatlari aynan mening yoshimda o’ta qimtinish va kamtarinlik bilan o’z o’g’illari nomiga yo’riqnomalar bitishgan...
— Va bu qomusiy nasihatlar insoniyatning dasturil-amaliga aylangan!
— Bu — bir, ikkinchidan, kaminaning ularday zukko va ashraf emasligimni yuzimga solishing ham nojoiz. Modomiki, ul suxan peshvolari darajasiga yetmagan ekanman, demak, kam nasihat tinglabman. Zero, kelajak avlod ham mendek noshud bo’lib qolmasligi uchun ularga nasihatnoma bitmog’im kerak!
Monologimni tutatib, "bopladimmi" degan ma’noda raqibimga ko’z tashladim. U esa kesatish va sovuqqonlik bilan davom yettirdi.
— Endi nasihat odamlarning joniga juda tegib ketgan! Buni biror joyda bosib chiqarishlariga ham ko’zim yetmay turibdi. Homiy topish ham jo’n ish emas.
— Odamlarning badiga puch va varsoqi pandlar tegib ketgan. Nasib bo’lsa, men unaqa bemantiq, sayoz yo’riqnomalar bitmayman! Tag’in: bobokalonlarimiz ham "bosib chiqarishlariga ko’zlari yetmay" yoki homiy topishdan xavotir tortib, qo’llarini qo’ltiqlariga qistirib o’tirishganda, insoniyat "Qobusnoma", "Zafarnoma", "Saodatnoma", "Guliston", "Bo’ston" singari javohir xazinalaridan bebahra qolgan bo’lur edi!
— Shu tariqa o’zimnikini tantanavor ma’qullab, yozishda davom etdim. Marhamat, quvvai hofizam darajasida bitganlarim hukmingizga havola. U sizga o’tirishadimi yoki yoqmaydimi — buning men uchun ahamiyati kamroq. Lekin farzandingiz undan, Mavlono Sa’diy ta’kidlaganlaridek, biror varog’ini olib ketsa va o’qib, o’rtog’iga bersa, shuning o’zi kifoya!
NAVQIRONLIK VA NAVJUVONLIK XUSUSIDA
Ey azamat o’g’lim, mehribon qizim!
Mana, sizlar o’n sakkiz yoshning eshigini qoqyapsizlar. Shu damgacha baqamti o’tirib, bosiqlik bilan sizlarga nasihat berganimni xotirlolmayman. Dashnom berdim, koyidim, urishdim, chunki bola yedilaring-da u paytda. Endi nasihatga o’tsam bo’lar. O’gitning qadriga boradigan yoshga etdilaring. Uzoq yillar — kamida mening yoshimga yetguncha pandu nasihat tinglashlaringga to’g’ri keladi.
Ilk o’gitim, nasihatga nisbatan hech qachon bepisand va beparvo bo’lmanglar; yoshi va martabasi o’zlaringdan ulug’lar, donolarning pandlariga sharqona bir ehtirom bilan quloq tutishga odatlaninglar. O’qish bilan uqish o’zga bo’lgani yanglig’, tinglash bilan anglash ham g’ayri tushunchalardir. Dehqon ne- ne mehnatlar ila somon orasidan donni ajratib olganidek, yaxshilarning maslahatlaridan eng zarurlarini topib olish va hayotga tadbiq etish payida bo’linglar.
Ey o’g’lim! Yigitchilikning talay taomillari borki, ularga amal qilmoq umr yo’lini belgilab olmoq demakdir. Eng zukko va ma’ruf odam ham, ayniqsa, navqironlik pallasida talaygina nuqsonlarga, bema’ni mayllarga yo’l qo’yadi. Jamiyat buni his qiladi va barkamol bo’g’in nuqsonlarini avf etadi. Lekin kamchiliklarini, eng avvalo, hayotga qadam qo’ygan kimsaning o’zi chuqurrok his etmas va saboq chiqarmas ekan, oxir-oqibat gumrohlikka yo’l qo’yishi muqarrar!
Yoshlikning tag’in bir muhim sharti, uning o’tkinchi ekanligini e’tirof etmoqlikdir. Navqironlik yillari seni tez tark yetib, dog’da qoldirishini unutmasliging kerak.
HIKOYAT
Mushtlashish bo’yicha jahon chempioni, hamyurtimiz Ruf’at Risqiyev har gal ringga chiqqanida zal qarsak va hayqirishlardan yorilguday bo’lib ketardi. Uning mansur va mag’rur qomatini hatto ekranda ko’rish ham dilimizga zavqu shavq ato etardi.
Ruf’at bu ehtiromu shariflikka osonlikcha erishmagandi, albatta.
O’n yillar davomida ne-ne qaltis maydonlarga tushib, dovrug’i olamga ketgan bahodirlarni holdan toydirgani, har gal maqsad yo’lida ulkan sabot bilan kurashgani evaziga shunday ehtirom egasi bo’lgandi u. Ha, bu yigitning mushtlashishini tomosha qilish maroqli, hayajonli edi. Davraga tushganda, ortiqcha ehtirosga berilmas, hududsiz olqishlar, unga tikilgan foto va telekameralarga beparvogina qarardi. Birinchi raunddayoq ro’parasidagi raqibning ojiz o’rinlarini ilg’ab olar, so’ng birin-ketin sabot va shiddat bilan musht tushirar-di. Uning mo’ljali aniq, zarbalari larzakor bo’lardi har gal. Bundan man-man degan g’anim ham gangib qolar, o’zini qayta tiklashga imkon topolmasdi. Har bir raund betakror spektaklni eslatardi. Yana ham ramziyroq qilib aytsam, birinchi raund komediyaga, ikkinchisi dramaga, uchinchisi fojeaga o’xshardi. Dastlabki daqiqalarda Ruf’at ring bo’ylab shunday hamohang harakatlar qilardiki, yigit raqsiga o’xshab ketardi u. Orqaga, yonga qarab chekinishi; boshi, yelkasini ko’z ilg’amas shiddat bilan olib qochishi, raqibiga imkonlar berib, tag’in uni holdan toydirishini kuzatish maroqli edi. Ikkinchi raundda vaziyat o’zgacha tus olardi: Ruf’at bosiqliq, ishonch bilan hujumga o’tardi. Kutilmaganda uning cho’qmor mushtlari raqibni gandiraklatib tashlardi. Odatda o’yin taqdiri ana shu raundda hal bo’lardi, lekin Ruf’at zohiriy bir mardlik bilan raqibini avaylar va uchinchi uchrashuvga ham o’rin qoldirardi. Oxirgi raund esa ko’p hollarda poyoniga yetmayoq raqib qo’lini ko’tarardi.
Kinorejissyorlarimiz uning bahodir qomatini qayta–qayta suratga olishar, shoirlarimiz uni millatning faxri deb madh etishardi. Mashrab Boboyevning Ruf’atga bag’ishlangan "Yurak" degan she’rini yodlab yuborgandik.
Bu noxush hol bir necha yil muqaddsam AQShda ro’y berdi. Pahlavonimiz bu gal ana shu mamlakat chempioni Stivenson bilan maydonga tushdi. Amerika bor ovoz bilan hayqirib, o’z chempionini olqishlardi, bayroqlar havoda betinim selpinar; projektorlar, obektivlar batamom kurash maydoniga qaratilgandi.
Men Stivensonni ko’rdim-u, unga zohiran achindim, chunki u Ruf’atga nisbatan yosh va jussasiz edi. Jahon chempioni boyaqishni bir zarb bilan majruh qilib tashlaydiganday edi nazarimda.
"Boks!" xitob qildi hakam.
"Yo, Jamshid!" iltijo qilib qoldik biz.
G’alabaga tashna raqiblar bir-birlariga tashlanishdi. Mushtlashish taomillarini suv qilib ichgan hamzaminimiz o’ziga xos bosiqlik bilan musht tushira boshladi. Yo’q, u dastlab chekingan bo’lib, odatiga ko’ra raqibiga imkon berdi, dushman qal’aning omonat joylarini izlagandek, uning ojiz tomonlarini " paypaslab" ko’rdi.
Ha, Stivenson aksariyat yoshlardek qiziqqon va tajribasiz edi. U o’zini ayamay jahon chempioniga tashlanar, lekin buning evaziga musht yegani qolardi. Sho’rlik shunday shoshqaloqlik qilardiki, ko’p hollarda Ruf’atni quchoqlab olar va ular shu tariqa ham bir-birlarini do’pposlashar; sudya ularni bir azobda ajratib qo’yardi.
Birinchi zangdan so’ng Ruf’atga ta’rif berishdi.
"Jahon chempioni, to’rt marta mamlakat chempioni, oliy dara- jadagi falon va falon mushtlashishlarning mutlaq g’olibi".
"Boks!"
Raqiblar jamiki quvvat va g’azablarini temir mushtlariga to’plab, hamlaga o’tdilar. Tag’in qiy-chuv, hayajonlar... Stivenson degani esa negadir biz intiq bo’lib kutganday chekinmas, uzala tushib yiqilmas, bar’aks tag’in ham shiddatliroq bo’lib, ohuday sakrar, chaqinday yaltirardi. Ruf’atning mushtlari padarqusurni holdan toydirish o’rniga unga kuch-quvvat ato etayottanga o’xshab ketar va bundan biz diltang-u dilgash bo’lardik.
Okean ortidagi qita hamovoz va hamdard bo’lib baqirishni avj oldirar, Stivensonni olqishlardi. Yo’q, Ruf’at ham yolg’iz emasdi: butun O’zbekiston, ehtimolki butun musulmon olami taqdirdan unga omadlar tilardi.
Biz Ruf’atning arqonlar bilan chorkunjak qilib o’ralgan kaftdek joydagi hududsiz jasoratini hamisha umid va qoniqish bilan tomosha qilardik. O’sha kuni birinchi bor dilimizga o’t tushdi, xavotirlandik. Chunki hamyurtimiz muhofazaga o’tib olgani, muskullaridagi quvvatni xasisona tejayotganiga guvoh bo’ldik. Nachora, energiyani ortiqcha sarflab ham bo’lmasdi: oldinda uchinchi raund bor edi.
Mushtlashish davom etardi.
Ruf’at charchay boshladi. Tajribalari va yashirib qo’ygan so’nggi hiylalarini ishga solib, Stivensonga ustma-ust musht tushirdi. U esa bunga javoban raqibini burchakka qisib olib, beayov do’pposlashga kirishdi.
Har qalay shu payt najotkor zang yangradi. Ha, najotkor edi u. Bokschilar nafaslarini, tomoshabinlar hayajonlarini saranjomlab olishlariga imkon beradigan sado edi u. So’ng Stivensonni tanishtirishdi. U Ruf’atdan ancha yosh, ko’pchilikka tanish bo’lmagan bokschi ekan. Lekin bachchag’ar, nogahonda qo’lga tushgan baliqday tipirchilar, kurashga tashnaligini namoyon etardi.
Uchinchi raund ko’p davom etmadi. La’nati Stivenson nogahonda chaqmoqdek otilib, Ruf’atga musht tushirdi. Ammo - lekin yomon irdi, berahm!
Ruf’at Risqiyev yiqildi!
U bilan bizning umidlarimiz ham chilparchin bo’lganday edi. Ha, butun planetaning ko’z o’ngida yiqilib yotgan shunchaki bokschi emas, go’yoki mening millatim, vatanim, shon-shuhratim, nomusim edi. Ko’zimdan yosh tirqirab ketdi!
Bir! Ikki! Uch! To’rt!....hakam barmoqlarini birin-ketin bukib sanar va har bir raqam boshimga to’qmoq bo’lib urilardi. Yetti! Sakkiz!.... Nihoyat, Ruf’at o’rnidan turdi. Yo’q, u endi avvalgi devqomat va shiddatkor Risqiyev emasdi; baraks noumid va pajmurdaroq bir vujud edi. Shu payt operatorlar Stivensonni ham ko’rsatishdi — u hamon kurashga talpinardi.
Men hamzaminimiz qarshisida yengilmas va hamisha g’olib NAVQIRONLIK turganini ko’rdim. Buni Ruf’at ham his etdi va mardlarcha raqibining peshonasidan o’pib, unga omadlar tiladi.
O’g’lim! Navqironlik, g’oliblik demakdir. Dialektik materializmning inkorni-inkor deb ataladigan shafqatsiz qonuni ringda yaqqol namoyon bo’ladi. Bizni dog’da qoldirgan Stivenson ham ertami-kechmi bu maydondan ana shunday noumid bo’lib, shalvirab chiqib ketadi.Chunki balokash dunyoda omad degani ko’p hollarda navqiron odamlarning eshigini qoqadi. Buni hamisha yodda tut va shunga qarab ish ko’r.
Bir chapani odamdan shunday naql eshitgandim: o’n—qo’y, yigirma — bo’ri, o’ttiz — arslon, qirq — qilich, ellik- paxta, oltmish — axta, yetmish — no’xta, sakson — taxta.
Bu maqolni sharhlab o’tirmayman—o’zing xulosa chiqarib ol!
Yigitga o’lim yo’q — o’zini tiqqa uradi, deyishadi, Aziz o’g’lim! Senga yetkazilgan zarofat, eng avvalo menga yetkazilgan jarohat ekanligini unutma. Agar bilsang, ambrazuraga ko’ksini qo’ygan jangchi jasoratidan ko’ra yashash uchun kurashgan, don sepgan, nihol o’tqazgan, kitob yozgan xokisor kishining jasoratini ustun qo’yardim!
Ha, eng katta jasorat yashash, zurriyot va ezgulik qoldirishdir! O’zga yurtlarning manfaatlari uchun jon bergan yigitlarga juda achinaman. Ularni ana shu o’limga safarbar etganlarga qiron kelsin deyman.
Urush va janjallarni hamisha yomon odamlar boshlaydi va unda yaxshi odamlar nobud yoki majruh bo’lishadi! Buni unutma.
Ichkilikka berilma, chekma, ablah odamlar bilan hamtovoq bo’lma, balodan hazar qil, desam meni ezmalikda ayblama. To’g’ri, bu o’gitlarni bobokalonlarimiz juda ibratomuz qilib yozganlar, muallimlar va yaxshi odamlar necha bor qulog’ingga quyishgan. Lekin gohida, mullo bo’lsang, takror qil, degan naqlni ham unutmaslik kerak.
MEHRIBON QIZIM! Allomalar o’z o’gitnomalarini nuqul:
"Ey pisar!" ya’ni ey o’g’il, deb boshlashgan. Ular nechundir qizlariga murojaat etishmagan. Ehtimol o’sha zamonlarda bu taomilga kirmagandir?! Balki ularning ko’ngillari qizlaridan to’q bo’lgandir — busiz ham odobli bo’lishiga ishonishgandir.
Men ham sening odobli va shohista bo’lishingga ishonaman. Ammo bizning ushbu noxush muhitimizda ezgulikning munavvar yo’lidan andak bo’lsa ham chalg’ib ketishingdan xavotir tortaman.
Ha, bizning zamonda ayol bo’lib tug’ilish oson emas. Bolalarni voyaga yetkazish; er va boshliqqa bo’ysunib yashash, faqat farzandlarnigina emas, ularni (er va boshliqni) ham tarbiyalash, bilsang — og’ir qismat! Ammo ayol qalbi bu qudratga qodir! Faqat katta, juda katta maqsadlar kerak!
Sening bahoriy vujudingni ko’rib, ich-ichimdan quvonishim, faxrlanishim va zohiriy xavotirga tushishimga endi ishongandirsan. Johillar va yaramas odamlar nominga dog’ tekkizishlaridan, ruhan ozor yetkazishlaridan; o’zingga bog’lik bo’lmagan falokatlar qaddingni bukib qo’yishidan cho’chib yashayman! Senga ko’z tikkan balolar, mayli menga tega qolsin, deyman! Chunki men ko’proq umr ko’rganman va sendan ko’ra bardoshliroqman!
Bilaman, sen avlodimizni ulug’lash uchun kurashasan, oilangni e’zozlaysan, lekin faqat ro’zg’oring uchun yashamaysan odamlarga naf keltirishni, eng zarur daqiqalarda ularga qo’l cho’zishni odat qilasan.
HIKOYAT
U paytlar respublika gazetasining Samarqand, Buxoro viloyatlari bo’yicha muxbiri bo’lib ishlardim. Bahor edi. Urgut qishloq xo’jaligi boshqarmasi vakili bilan Omonqo’ton qishlog’idagi yangi qurilishlarni ko’rgani borayotgandik. Katta ko’cha toqqa borib qadalgan joyda biz chap tomondagi soylikka burildik. Ikki tomonda baland tog’, o’rtada daryo, uning sohilida esa bir mashina arang sig’adigan yo’l. Bu yo’l ham gohida daryoni kesib o’ng yoki so’l tomonga o’tib turadi. Eskigina "Villis" zo’r berib yuqoriga o’rmalaydi, gohida kabina ichi tutunga to’ladi. Sherigim ana shu soylikda kurilgan zamonaviy pillaxona, maishiy xizmat uyi haqida, ularning loyiha – smetalarini hal qilishda shaxsan kattaning xizmati xususida hikoya qiladi. Men esa qarshimdagi cho’qqiga bostirib qo’yilgan beo’xshov telpakka o’xshash qop–qora bulutning g’ayri-tabiiy quyuqligidan ajablanaman. Ufqda chaqmoq yaltiraganini ko’raman, momoqaldiroq ovozini eshitish ilinjida sukut saqlayman.
Motorning zo’riqqanini sezdi, shekilli, hamrohim mashinaga tormoz berdi, so’ng erinmay tushib, radiatorga suv sepa boshladi.
Xuddi shu paytda kutilmagan hol ro’y berdi: qarshimizda bir otliq paydo bo’ldi va qamchisini o’ynatganicha qo’l silkib bizni allaqanday noxushlikdan voqif qila boshladi. Ikkalamiz ham hushyor tortib, diltanglik bilan uni kutdik: masofa yaqinlashgach, razm solsam, balog’at yoshidagi qiz (ehtimol, juvondir) ekan. U yashin tezligida bizga yaqinlashdi va bor ovoz bilan ogohlantirdi: "Qochinglar, sel kelayapti!"
Hademay to’riq ortida yengilgina chang qoldi, xolos. Biz jon talvasasida o’zimizni kabinaga urdik; shukurlarkim, motor darhol o’t oldi. Andak ilgarilaganimizdan keyin esa ajalning komiga qarab borayotganimizni esladik: bu tor daralarda orqaga burilib olish ham unchalik jo’n ish emasdi. Hademay ulkan xarsanglarning bir-biriga urilishidan hosil bo’ladigan vahimali ovozlar qulog’imizga chalindi, guvillagan yovvoyi ovoz kuchaya boshladi. Kabinadan shaht bilan tushib, ikkalamiz (negadir ikki tomonga qarab) qocha boshladik. Men qoyaga ro’para bo’lganimdan keyingina shoshqaloqlik qilganimni tushundim: sohil tik va qaltis edi. Nari tomonga qarab, sherigim barra o’tloqlar bo’ylab yuqoriga o’rlab ketayotganini ko’rdim. Shu tobda orqaga qaytish ham ajdaho bilan yuzma-yuz bo’lishdek vahimali bo’lib tuyuldi. Shuning uchun ham chapdastlik bilan chaqir toshlarga tirmashib yuqori chiqa boshladim, xarsanglar orasidagi allaqanday buta ildiziga, so’ng badanini tikan qoplagan yovvoyi bodomchaga osilib, yuqori ko’tarildim. Uyog’i yassi yonbag’ir edi: Tag’in ancha yuqorilagach, bo’tana suv endi ta’qib etolmasligiga ishonch hosil qildim-u, tin olib, pastlikka boqdim. Beshikday-beshikday toshlar bir-biriga urilib, pastlikka otilar, loyqa sel duch kelgan narsani komiga tortib borardi. Ildizi bilan qo’porilgan bir terak mashinamizga kelib urildi va uni ag’dardi; so’ng o’ngarib olib, bolalar o’yinchog’iday lopillatib surib ketdi. Zum o’tmay suv beton simyog’ochning beliga chiqdi va uni ham qulatdi. Men tabiatning bunaqa nogahoniy va qaltis qilmishini hech ko’rmagan edim. Dahshatli hayqiriq tobora ko’tarilib borar, sel shiddati dunyoni bosguday edi. Men bebosh va beshafqat qudratga uzoq tikilib, beixtiyor insonning ojizligini o’yladim va negadir o’ksib ketdim.
Allamahaldan keyin suvning kuchi kesildi, uning sathi pasaya boshlashi bilan men ham ortimga qaytdim.
Ikki-uch kungacha xayolim ana shu tabiiy to’fon bilan band bo’lib yurdi: dahshatli ovoz qulog’imga chalinib turganday, hamlakor to’lqinlar pastga otilayotganday bo’lardi. So’ng esa bular bari ikkinchi o’ringa chekindi va men odamlarni ogohlantirib o’tgan o’sha nogahoniy qizni ko’proq eslaydigan bo’ldim: kim bo’ldi ekan u — mening xaloskorim?! Qay bir baxtli otaning farzandi ekan?! Keyin uni behudud bir dard bilan qo’msaydigan bo’ldim va beixtiyor Omonqo’ton sari yo’l oldim.
Odamlar nogahoniy falokat xususida hamon entikish bilan hikoya qilishar, ofat ko’lami va qudratidan xabar berishga shoshilishardi. Ha, ancha-muncha noxushliklar bo’libdi. Jumladan, men ko’rmoqchi bo’lgan o’sha binolardan nom-nishon qolmabdi. Talay qoramollar, qo’y-echkilar aspalasopinga ravona bo’libdi. Bular sadqaisar-kuya odamlar ham qurbon bo’lishganini aytishdi. Pastki qishloqda bir ayol non yopish ilinjida tandirga unnayotgan ekan. Suvora qiz xitob berib o’tganda boshi tandirda bo’lgani uchun eshitmay qolibdi, bolakaylari toqqa qarab qochishibdi-yu o’zi... Tag’in bir kishi mast ekan.
Jon vahimasida o’rmalab chiqib ketganim — o’sha qoya qarshisida bir zum to’xtab qoldim. Shu yerdan alpinistday chirmashib chiqqanimni aytgan edim, hamrohlar ishonishmadi. Haqligimni isbotlash uchun qaytadan chiqmoqchi bo’ldim-u ammo uddalolmadim, g’alati.
Xullas, ko’zlaridan o’t chaqnagan o’sha qizni izlab, avval yuqori qishloqda chiqdim, ammo bu yerda qizning kimligini hech kim aytib berolmadi. Boshqa qishloqdagilar ham uni tanishmadi. Surishtiraverganimdan keyin turfa taxminlarni aytishdi: yuqorida geologlar, biologiya fakultetining amaliyotga kelgan qizlari, turistlar, yo’lovchilar deganday. Qissa ko’toh, men uni topolmadim. Ammo oradan yillar o’tgan sari haloskorimning barkamol va durkun qomati, besaramjon nigohlari, nogahoniy shiddati ko’z o’ngimda tiniqlashib, ulug’lanib, muqaddaslashib boraverdi.
MEHRIB0N QIZIM! Qizlik va navjuvonlik fasli ko’z ochib yumguncha o’tib ketadi. Men o’sha otliq qizni ichki bir entikish bilan qo’msaganday odamlar seni ham ezgu tuyg’ular bilan eslashlarini orzu qilaman. Sershavqat va rahmdil bo’l, bolakaylarni bag’ringga bos, peshonasidan o’p; dilshikasta ayollarning ko’z yoshlarini artib qo’y, jonivorlarni zolimlardan himoya qil!
Mayli, yoshligingdayoq Ovrupo va g’arb adabiyoti, madaniyatiga mehr qo’y, ammo oyog’ing mo’ysafid sharq tuprog’idan uzilib ketmasin! Urf-odatlarimiz, an’analarimiz, diniy e’tiqodlarimizga bepisand bo’lish — ota-onaga, bobolarga hurmatsizlik ekanligini unutma!
Xudo ko’rsatmasin, boshingga og’ir kunlar, nogahoniy musibatlar tushganda ruhing tushib, qadding bukilib qolmasin!
Oldingda hali shu’lakor va munavvar kunlar ko’pligini yoddan chiqarma!
BILIM OLMOQ, HUNAR O’RGANMOQ VA ZAKO-
VATGA ERISHMOQ XUSUSIDA
Bag’oyat ma’ruf ustozim, taniqli adib Asqad Muxtor benihoyat orif va kamsuxan inson bo’lganliklarini ta’kidlab o’tishim kerak. "O’zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasiga u kishi bosh muharrir bo’lganlarida men bo’limda ishlardim; kayfiyatlari xurram damlarda xonalariga kirardim va u kishining mumtoz suhbatlaridan bahramand bo’lardim.
Muhtaram zot bilan qurgan suhbatlarimning biri bu turur:
Dedim:
— Ja’mi jumboqlar va istiqbollar eshigini birma-bir ochadigan kalit nedur?
Dedilar:
— Ilm, hunar va zakovat.
Dedim:
— Millatni kamolot sari yetaklaydigan kishilar kimlar? Dedilar:
— Bilimli, hunarli va aqlli kishilar.
Dedim:
— Bu xislatlarga qanday qilib erishmoq kerak?
Dedilar:
— Katta maqsad va ishtiyoq bilan, andak madad va rahnamolik bilan.
Dedim:
— Inson bir bor dunyoga keladi, uni ham bilim va hunar yo’lidagi mashaqqatga sarflashi joizmi?
Dedilar:
— Kishi kamolot sari intilmas ekan, u jaholat botqog’iga botib qolaveradi; jaholat esa ja’mi illatlarning boshidir.
Dedim:
— Farzandlar va shogirdlarni ne ilmu hunarlarga da’vat etardingiz?
Dedilar:
— O’g’illarni zaminga mehr qo’yishga, kelajak kasbi bo’lmish EHM, kompyuterlar va ilmiy-texnika taraqqiyoti ufqlarini egallashlariga xohishmand edim.
Dedim:
— Axir, yerga ishlash bilan ilmiy-texnika taraqqiyoti kutbning ikki tomoni-ku!
Dedilar:
— Kelajakda ularni birlashtirgan, uyg’unlashtirgan yigitlarning qo’li baland bo’ladi. Zero, Behbudiy hazratlari ta’kidlaydilar: "O’tgan zamon uchun emas, kelajak zamon uchun ishlaylik!"
Dedim:
— Qiz bolalarga istaklaringiz?
Dedilar:
— Loaqal umr va quvvatlarining yarmini ro’zg’orga sarflashga imkon beradigan sohaga safarbar etardim.
Dedim:
— Farzandlar va shogirdlar o’zga yo’lni maqbul topishsa-chi?
Dedilar:
— Ularga omad tilardim, ko’mak ko’rsatardim.
Dedim:
— Ayrim farzandlar, shogirdlarning andishasizligi, loqaydligi, shuursizligi nimadan?
Dedilar:
— Ota-ona va ustozlarning beburdligi, beg’amligi, betuturuqligidan.
Dedim:
— Farzandlar va shogirdlarga tag’in tilaklaringiz?
Dedilar:
— Kasbu koriga — sadoqat, qavmlarga — mehr, tabiatga- muhabbat!
Dedim:
— Bunga qanday erishmoq kerak?
Dedilar:
— Sadoqatga — ehtirom, mehrga — samimiyat, muhabbatga shafqat hamda eminlik tufayli.
Dedim:
— Ziddiyatlarning boisi nedur?
Dedilar:
— Ikki dorvoz bir dorda o’ynolmasligi, ikki qo’chqorning boshi bir qozonda qaynamasligi.
Dedim:
— Isyonning sababi nedur?
Dedilar:
— Zulm.
Dedim:
— Zulmning boisi-chi?
Dedilar:
— Jaholat!
Dedim:
— Xasislik va shuhratparastlikdan qochmoq uchun nima qilish kerak?
Dedilar:
— Bot-bot pul va mukofotdan voz kechmoq kerak.
Dedim:
— Birovning haqiga hiyonat qilmaslik uchun-chi?
Dedilar:
— Oqibat va ohiratni o’ylamoq kerak.
Dedim:
— Atrofda ta’bingga o’tirishmaydigan biqsiq va ipirisqi kimsalar ko’payib, diling g’ussaga to’lganda, nima qilish kerak?
Dedilar:
— Mavlono Muqimiyning to’rtligini yodga olmoq kerak:
Shersiz emasdur beshalar,
Bordur saxovatpeshalar.
Qilmang yomon andeshalar,
Yaxshilari ham bor ekan!
Dedim:
— Siz qayta dunyoga kelsangiz, tag’in shu umr yo’lini tanlarmidingiz?
Dedilar:
— Ha, shu yo’ldan borardim, ammo hatolarimni takrorlamaslik payida bo’lardim.
Dedim:
— Xatolaringiz ko’pmi, sirmi?
Dedilar:
— Umrim davomida kam bilim olganim, ko’proq hunar o’rganmaganim mening xatolarimdir.
Dedim:
— Demak, inson farzandi uchun eng muhimi — bilim va hunar ekan-da?
Dedilar:
— Eng muhimi — aql!
Dedim:
— Nahotki, bilim va hunardan, iste’dod va tajribadan ham aql birlamchi va ustun bo’lsa?!
Dedilar:
— Illo, shunday!
Dedim:
— Endi aqlga erishish yo’llarini ayting.
Dedilar:
— Tabiat va jamiyat har bir kishiga ozmi ko’pmi zakovat urug’ini ato etadi. Uni avaylab undirish, voyaga yetkazish bandasining o’ziga vobastadir.
Dedim:
— Aqllilikning bosh belgilari nedur?
Dedilar:
— Kishi aqlli bo’la borgan sari odamlardagi bu xislatni ko’proq ilg’aydi va qadrlaydi. Hamma narsaga aqli yetgan kishi hamma narsani kechiradi.
Dedim:
— Tag’inchi?
Dedilar:
— Xokisor va kamtarin bo’ladi.
Dedim:
— Xokisorlik o’z qadrini yerga urish emasmi?
Dedilar:
— Faqat kibor va bepisandlar nazdida shunday.
Dedim:
— G’ururga o’xshash johillik nedur?
Dedilar:
— Jahl!
Dedim:
— Balandlikka o’xshash pastlik nedur?
Dedilar:
— Bepisandlik.
Dedim:
— Ojizlik alomati nedur?
Dedilar:
— Millatchilik, mahalliychilik.
Dedim:
— Aqllilikning tag’in qanaqa nishonalari bor?
— Dedilar:
— Ular mantiqiy oqibatni bilib ish tutadilar.
Dedim:
— Tag’inchi?
Dedilar:
— Ular kam gapirib, ko’p tinglaydilar!
OTA-ONA MEHRI HAMDA FARZANDLAR
BURCHI XUSUSIDA
Dunyoda ota va onani madh etmagan allomalar topilmasa kerak. Shoiru fozillar, ayniqsa onaning behudud mehri oldida qayta-qayta bosh egishgan.
Bir mahallar men ham bu mavzuga qo’l urib she’r yozgandim.
***
Sizga boqib turgan shu tiyran ko’zlar,
Menikimas, do’stlar...
«Ko’zi ojiz» bo’lib tug’ilgandim man
«Bechora, derdilar, qismating ekan».
Sezmasdim:
Tun nima yo kunduz nima,
Bahor latofati yo yulduz nima.
Ertadan kechgacha o’tirardim jim,
Axir, yumuq edi mening ko’zlarim.
Ilk bahorda bir kun Toshkentdan dadam
Doktor olib keldi, quvondim biram!
Professor ekan,
Ko’rdi ko’zimni
Tingladi hasratli, mungli so’zimni.
— Davolayman,— dedi, — ammo juda qiyin.
(Dilim tug’yon etar daqiqa sayin)
Buning bir yo’li bor:
Birorta odam
Agar rozi bo’lsa,
Dahshat bo’lsa ham
Ko’z soqqasin bersa, o’yib olaman
Ko’zlari o’rniga uni joylayman!
Tezda do’stlarimni topibdi dadam,
So’rabdi yordam....
Ammo kim ko’z bersin?!
Shu ekan taqdir-
Debdilar: ko’z berish — dahshat-ku, axir!
Qarindoshlarni ham topibdi dadam,
Ko’z in’om etmabdi qavmlarim ham.
Dadam bir gadoyni uchratib bir kun,
Dardu hasratlarni to’kibdi, dilxun.
Debdi: "Bir ko’zingni manga sot, jo’ra..."
Gadoy qo’rqqanidan qochibdi tura!
Sukut ichra g’ussa chekardim, hayhot
Nogoh, eshitildi achchiq bir faryod...
Voy, onam-ku, axir!
Irg’ib turay desam, qo’ymadi kimdir.
Keyin...
Keyin bilsam, bechora onam,
Men uchun beribdi ikki ko’zin ham.
Doktor nigohbonin o’yib olibdi,
Darddan munisginam faryod solibdi.
Jarroh, stoliga so’ngra men yotdim,
Uyog’ini bilmam — hushim yo’qotdim.
O’tib fursat-
Bo’ldi ruxsat!
Dokani ko’zimdan yechdim-u shartta,
Men borliqqa boqdim birinchi marta!
O, oshifta dunyo, Osmon, yulduz, oy!
Odamlarni ko’rdim, ilk bor, hoynahoy!
Onajon, deb uyga qo’yib kirsam ot,
Eh, men noshudga harom bu hayot!
Onamning ikkala ko’zi ko’r edi,
Ingrardi bechora...
Dardi zo’r edi!
U sekin paypaslab boshini tutdi,
Ochiq ko’zlarimni mehr bilan o’pdi.
Sizga boqib turgan shu tiyran ko’zlar,
Menikimas, do’stlar,
Onajonimniki!...
Ey farzand! Bu she’rni sharhlab o’tirishim, ehtimol ortiqchadir. Bizning faqat qorachuqlarimizgina emas, bor vujudimiz ota va ona pushti kamarining mahsulidir. Ammo, tan olmog’imiz va nadomat izhor etmog’imiz kerakki, biz ota hamda ona mehr oqibatlarini ko’p hollarda, ular hayotdan ko’z yumgandan so’ng teranroq his etamiz, afsuslar chekamiz. Buyuk Navoiy ta’birlari bilan aytganda, kimki ota-ona tiriklik paytida ularga "boshni fido aylasa, jismini sadqa qilsa" farzandlaridan shunday mehribonlik, sadoqat kutishiga ma’naviy haqli bo’ladi.
Ota-onasi tiriklik paytida ularni kaftida ko’targan, vafotlaridan so’ng ham ruhlarini shod qilib turgan o’g’il- qizlarga taqdiri azaldan zabtu zafarlar tilayman.
JUFTI HALOL VA ZURRIYOT
XUSUSIDA
Aziz o’g’lim va qizim! Qalqib turgan bu serg’alva dunyoda har kimning o’ziga munosib, mehribon umr yo’ldoshi topishi, borlig’ini unga baxshida etishi, farzandlar ko’rib, ularni voyaga etkazishi uncha jo’n ish emas va yana shu nekbaxtlik hammaga ham nasib etavermaydi. Oila ko'rishdek bag’oyat mas’uliyatli tadbirni amalga oshirish yuzasidan, afsuski hech kim aniq ko’rsatma va tavsiyanoma berolmaydi, chunki jufti halol tanlash — bag’oyat nazokatli ko’ngil ishi. Ammo shunga qaramay bor in’om-ixtiyorni o’zlaringga tashlab qo’ysam uncha to’g’ri bo’lmas. Bir mas’ul va jonso’z ota sifatida maslahatlar bermoqchiman hamda ular asqotadi, deb umid qilaman.
Aslida donishmand xalq bu borada eng mumtoz pandlarni aytib qo’ygan:
Boshing ikki bo’lmaguncha
Moling ikki bo’lmaydi.
Tag’in:
Xotinsiz ro’zg’or — cho’l,
Xotinli ro’zg’or — gul.
Tag’in:
Tengini topsang — tekin ber.
Tag’in:
Aqlli xotin — uy ko’rki.
O’g’lim! Buni umr savdosi debdilar. Shuning uchun uylanishga uncha shoshilmasligingni maslahat beraman. O’smirning andak ulg’ayib, nikoh yoshiga etishish, barkamol ma’nodagi balog’atdan dalolat emas. Turmush qurish uchun ma’naviy, iqtisodiy jihatlardan ham tayyor yoki qariyb tayyor bo’lmoq kerak. Iloji bo’lsa, o’qishni bitirib, biror yumushning boshini tutgach va tag’in, to’yning ayrim sarupolari, zaruratlarini xarid qilgach, taraddud boshlasang o’rinli bo’lur edi. Ammo, so’qqa boshlik ham cho’zilib ketavergani sari kishi injiq, o’ta nozikta’b, hatto anday bepisand bo’la borishini nazardan qochirmaslik kerak.
Gap turmushning muqaddas qo’rg’onini tiklash xususida ketar ekan, undan oldin sevgi deb atalgan ustuvor tuyg’u haqida to’xtalib o’tmasam, oshiqlar meni johillikda ayblashlari hech gap emas.
Eramizdan avval yashab o’tgan qadimgi yunon donishmandidan tortib kechagina maktabni bitirgan yosh shoir ham bu xususda to’lib-toshib afsona-yu ash’orlar yozishgan. Ularga qo’shimcha qilib, biror toza fikr aytishim mushkul. Faqat shuni ta’kidlab va tayinlab aytishim kerakki, bu behudud zavq betakror ma’naviy qudratdan bebahra qolish kattagina yo’qotishdir.
ОНА ЮРАГИ ҲАҚИДАГИ АФСОНАНИ ЭШИТГАН ЧИҚАРСИЗ. УНИ ТАЛАЙ ШОИРЛАР ШЕЪРГА СОЛИШГАН. МЕН ҲАМ БИР ВАҚТЛАР ҚАЛАМИМНИ СИНАБ КЎРГАНДИМ.
ҲАЙҲОТ!
ҲАЙҲОТ!
ҲАЙҲОТ!
СЕН ОНА ЭМАССАН.
ЖАЛЛОДСАН – ҲАЁТ!
ОШИҚИ ЗОРЛАРГА ИЗТИРОБ НЕЧУН?
МАЪШУҚЛАР ПОЙИДА НЕ БОИС МАЖНУН?
УЛАРГА ТУТҚАЗИБ, ГОҲ ХАНЖАР, ГОҲ ГУЛ,
ҚИСМАТНИНГ ҚАЪРИГА ОТАСАН БУТКУЛ!
ҚАЛАМГА ОЛГАНИМ ЖЎН БИР АФСОНА,
АФСОНАДА ЗОҲИР – САБОҚ, ФАСОНА
ЎҒЛОН СЕВИБ ҚОЛДИ, ДАРДИ БЕҲУДУД,
КЎЗИДАН, СЎЗИДАН ЎТ ЧАҚНАР БЕДУД.
ОДАМЛАР! ЧЕКИНИНГ, АНА МАСТ КЕЛДИ!
ИШҚ ШАРОБИН ИЧГАН
ҒЎР САРМАСТ КЕЛДИ!
ИШҚИ ТУШГАН САНАМ, О ДИЛДОР ЭДИ,
ЧЕЧАН-У, ШОҲИСТА ВА КИБОР ЭДИ.
МОҲТОБНИ ЭСЛАТАР ХУШРЎЙ ЮЗЛАРИ,
РУҲИНГНИ ЭРКАЛАР СУЗУК КЎЗЛАРИ
ПОЙЛАРИГА ҚЎЙИБ БОШИНИ ТАКРОР?
ЙИГИТ ЗОРЛАНАРДИ – АШКИ ШАШҚАТОР:
«ДИЛИНГНИ МЕНГА БЕР,
БЕРАҚОЛ, ЖОНИМ,
ЗУЛМАТГА ОТМАГИЛ ЖОНУ ЖАҲОНИМ.
НЕ ШАРТИНГ БОР, СЎЙЛА, БОРЛИҒИМ НИСОР,
ЖОНИМ-У, ЖАҲОНИМ, ИМОНИМ НИСОР…» «ЧИРАНМА, ҚОПЛОНИМ, КЎЗ СУЗДИ ДИЛДОР,
АГАР ЖЎМАРД БЎЛСАНГ, ҚАЛТИС ШАРТИМ БОР…
МАЙЛИ, ЮРАККИНАМ СЕНГА БАХШИДА…
(ОШИҚҚА УМИДБАХШ ВАЪДА ЯХШИ-ДА)
УНИНГ ЭВАЗИГА КЕЛТИРГИЛ ЛОЧИН,
ОНАНГ ЮРАГИНИ!
СЎЗИНГ БЎЛСА ЧИН!»
НИМА БУ?
МАКРМИ, СИР-У СИНОАТ,
ДАҲШАТЛИ ҲАЗИЛМИ ЁКИ ХИЁНАТ?
ЁЛҒИЗ ЎҒИЛ ЭДИ, ЁЛҒИЗ ОНАГА.
САРОСАР ҚАЙТДИ У УЙГА – ХОНАГА
ОНАНИНГ КЎЗЛАРИ ЙЎЛГА ЗОР ЭДИ.
ЎҒИЛ ҚЎЙНИДА-ЧИ ХАНЖАР БОР ЭДИ…
ДЕВОНАВОР ЭДИ УНИНГ КЎЗЛАРИ,
САРБАСАР, МАСТОНА АЙТГАН СЎЗЛАРИ.
ОНА ЁЙГАН ЭДИ МУЪЖАЗ ДАСТУРХОН,
ҲАДЕМАЙ НОН ЎЗРА САЧРАБ КЕТДИ ҚОН!
КАФТДА СЕРХУН ЮРАК УРАРДИ ҲАМОН.
ЎҒИЛ МАНЗИЛ САРИ ОТИЛДИ ЧПҚҚОН.
ВА ОСТОНА ЎЗРА ҚОҚИНИБ ТУШДИ,
ОНАНИНГ ЮРАГИ НАРИГА УЧДИ…
ВОДАРИҒ,
ВОДАРИҒ, ТИЛГА КИРДИ У,
ДАРДУ ИЗТИРОБЛИ БИР ҲОЛ ЭДИ БУ
ДЕДИКИ: «ТОЙЧОҒИМ, БУ НЕ ФАЛОКАТ?
ЕТМАДИМИ СЕНГА ЗАРБУ ЗАРОФАТ?
ТУРАҚОЛ, ЧИРОҒИМ, ДАРДИНГНИ ОЛАЙ,
ЙЎЛ ҚАЛТИС, ОГОҲ БЎЛ ҚУРБОНИНГ БЎЛАЙ…
ҲАЙҲОТ!
ҲАЙҲОТ!
ҲАЙҲОТ!
СЕН ОНА ЭМАССАН,
ЖАЛЛОДСАН ҲАЁТ!
ОШИҚИ ЗОРЛАРГА ИЗТИРОБ НЕЧУН?
МАЪШУҚЛАР ПОЙИДА НЕ БОИС МАЖНУН?
КЕЧИР, МУНГЛИ БЎЛДИ НУСРАТНИНГ СЎЗИ,
ХУЛОСА ЯCАСИН ҲАР КИМНИНГ ЎЗИ…
Muhabbat — bir-biriga yetishguncha olovlanib so’ng so’nib qoladigan tuyg’u, degan ekan bir faylasuf. Dastlab bu aforizm menga juda yoqib tushgandi, keyin esa hayotda buning aksini ko’p ko’rdim: to’ygacha bir-birini tanimagan, keyin esa majnunona sevib, suyanib qolgan, borlig’ini bir- biriga baxshida etgan talay er-xotinlarni uchratdim; ularga havasim keldi.
Ey farzand! Chiroqqa lampamoy, niholga suv, qushga don kerak bo’lganiday, muhabbat ham ma’naviy va moddiy rag’bat talab qilishini unutma.
Axir, faqat ehtiroslar bilan yashab bo’lmaydiku! Yaxshi ko’radigan kishingning ko’nglini topish vositalarini o’zing o’yla; balki bir dasta gul, ehtimol, yarashiq libos yoxud andak hamdu sano, tabassum...
Zero, shoir aytganidek:
Insonga juda ko’p narsa kerakmas,
Uyda uni kimdir kutib tursa — bas !
Qizim! Bizning goh, turg’un, goh sershiddat zamonamizda kelin bilan kuyovning ajralib ketishi bot-bot ro’y berib turadigan noxush hol, buning sabablari bisyor, lekin eng avvalgisi, oila deb ataladigan muqaddas uyushmani saqlab qolish uchun kurashmaslik, unga bepisand qarashdir. Agar bilsang, beva bo’lib qolish, farzandlar dunyoga kelgan bo’lsa, tirik yetim qoldirish — gunohi azim.
Qismatning bo’yoqlari oz emas: birov qaynona-qaynotasi bilan kelishmaydi, boshqa bir kelin pulsizlik va uysizlikka qarshi bosh ko’taradi, yana bir bebaxtning eri giyohvandlikka, ichkilikka yoki qimorbozlikka beriladi. Sen qizim, bunday nogahoniy zarbalarga hamisha tayyor bo’l, har qanday illatning g’ovlab ketishiga yo’l qo’ymay, uning oldini olishni o’rgan. Qaynona yoki qaynotangdan hasrat qilishdan oldin bir haqiqatni aql tarozusiga solib, mushohada yuritib ko’p: ular o’zga bir davrda yashashdi, sen boshqa zamon odamisan. Modomiki shunday ekan, yillar orasidagi farq dunyoqarashlardagi, nuqtai nazardagi farq demakdir. Ro’zg’or degan qal’aning har qanday omonat joyini mustahkamlab borish; buning uchun bir-birini kechirishni bilish, gohida xokisorlik taomillariga amal qilish, milliy udumlarni qadrlash singari bir talay shartlarni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Oila munosabatlaridagi kichik ziddiyatlarga bepisand bo’lmagin — katta jiddiyatlar ana shu kichik ziddiyatlardan boshlanadi.
Tag’in shuni yodda tutginki, erkak zoti hamisha o’z imkoniyatlaridan kattaroq gapiradigan, va’da berib qo’yadigan bo’ladi. Nachora, erkakchilik. Zero, shunday ekan, bu holdan ortiqcha qahrga minishga hojat yo’q. Konstitusiya erkak va ayolga teng huquq bergan bo’lsa-da, musulmonchilikning hech qayerda qayd etilmagan qonunlari oilada, qarindoshlar, do’stlar davrasida sardor mavqyei andak sarbaland bo’lishini taqozo etadi.
Muhabbat va sadoqat shunchaki kitobiy gaplar emas, oila ham erkak yoki shahvoniy zarurat uchun qurilmaydi.
HIKOYAT
Samarqand tumani Qoziqo’rg’on qishlog’ida Jo’raqul sibir degan otaxon yashaydilar. Piru badavlat mo’ysafid: ikki o’g’il, ikki qiz, nevara, chevara deganday.
Hozir (2002 yil) saksondan oshgan otaxon umrlarining o’n bir yilini Sibirdagi avaxtaxonalarda o’tkazganlar. Mash’um qatag’on yillari u kishiga "kolxoz tuzimining dushmani", deb ayb qo’yilgan. Kelinlik libosidagi umr yo’ldoshi chirqillab qolavergan.
Eri qamalgan, qamalayotgan ayollar... Taqdirdan ularga toqatlar tilagisi keladi kishining. Qismatning ushbu nogahoniy zarbasi birovni qulatadi, birovni majruh etadi.
G’ussadan birov ustiga benzin sepsa, boshqasi qaddini mag’rur tutib, qismatga qasdma-qasd kurash boshlaydi.
Xullas, Sharifa opa umr yo’ldoshini naqd bir yil kutadi. Undan nom-nishon bo’lmagach, daraklashga kirishadi va Jo’raqul Sibir tomonlarga surgun qilinganini, u yerda daraxt kesayotganligini, eshitib qoladi.
Sibir! Carhadsiz sovuq o’lka! Oftob degan tabarruk mo’jiza qadrini o’sha izg’irin yalangliklarda loaqal bir bor bo’lgan kishigina dildan his etmog’i mumkin. Uning hatto bahori oniy bo’lib, olis hamda noxush xotiralarga o’xshab ketadi. Bu sarhadsiz hududga Ovrupodagi bir necha mamlakatlarni joylashtirish mumkin.
Mazlumlar avaxtaxonasi bo’lib qolgan bu o’rmonzorlardan bir mahbusni daraklash cheksiz koinotdan uchar tarelkalarni izlashdek gap. Ammo noumid — shayton deydilar. Inson esa esa xamisha ishonch bilan yashaydi. Sharifa ana shu qahraton o’lkadan umr yo’ldoshini topishga azmu qaror qilib yo’lga chiqadi. Bratsk shahriga tushgach, boshqa musofirlardek, avvalo mehmonxonani daraklamay, qamoqxonalarni surishtiradi. Keyin esa ana shu hibsxonalar atrofida arvohday keza boshlaydi. Badjahl soqchilar mahbuslarni ertalab ishga olib chiqayotganda, kechqurun quturgan ko’ppaklar vositasida tikanli simlar ortiga haydab kirayotganda bu pajmurda gavdalar orasidan erini izlaydi. Eh-eh etikdo’z Jugashvilining o’g’li tomonidan Yenisey bo’ylarida qurilgan ne-ne avaxtaxonalarda bo’lmaydi u?!
Ey, sadoqatli hotinlar! Dunyoning eng ulkan shaharlarida hashamdor haykal o’rnatish kerak sizlarga! Toki odamlar muhabbat va sadoqat oldida bosh egib poyingizga gullar qo’yishsin!
Shu ko’yi bir yarim yil izg’iydi u. Musofirchilik va xoru zorlikning behad uqubatlarini boshidan kechiradiki, bu sargardonliklarning o’zi bir kitobga siqqulikdir. Shu sarsonliklar sabab bo’lib, til o’rganadi, hushyorligi ortadi. Alqissa, bir harbiy gruzin uning jasoratiga tan beradimi yoki rahm qiladimi — har holda ko’maklashishga bel bog’laydi. Sharifa opa bir necha oygacha umid bilan uning uyida yashab, kasalvand xotiniga, bolalariga qarashadi. Gruzin ham o’z so’zining ustidan chiqib, bir kuni Sharifa opani daryo bo’yidagi o’rmonzorga ergashtirib boradi. Xuddi shu yerda u umr yo’ldoshini topib oladi!
Bu jarayonlar biz bayon qilgandek jo’n kechgan emas, albatta. Masalan, siz kinolarda basharasi covuq harbiy soqchilarni bir necha bor ko’rgansiz, albatta. Ular zarur bo’lganda, qo’llaridagi avtomat tepkisini bosib yuborishlari ham hech gap emas. Ha, garchand bag’ritosh bo’lishsa hamki Sharifa opaning sadoqati oldida bosh egib, er-xotinning bir-biriga qarab hududsiz mehr bilan talpinishlariga monelik qilishmaydi.
Ertasi ham, indini ham uchrashadilar ular...
Sharifa opa avval shu yerdagi maktabda farroshlik qiladi. Unga bir xonachani jihozlab beradilar. Shunday qilib, o’z ishini ixlos bilan bajargan holda har kuni ovqat pishirib, Jo’raqul sibirga olib borishni kanda qilmaydi. Shu tariqa maktabdagilarning ham, mahbuslarning ham yaqin kishisiga aylanib qoladi. Chunki uning qalbidagi shafqat va mehr odamlarni loqayd qoldirolmasdi-da! Faqat umr yo’ldoshininggina emas, o’zgalarning ham kiyimlarini yamab beradi, bemorlar, bechoralarga yordam qo’lini cho’zadi.
Xullas, xotini sabab bo’lib Jo’raqul sibirga ham ancha-muncha ozodlik epkini tegib qoladi: boshliqlar kechqurunlari oilasi bilan bo’lishga ruxsat berishadi unga. Vatandan juda olis, sovuq bir yurtda er-xotin bir-biriga tayanib, dalda berib umrguzaronlik qila boshlaydilar.
1955 yili ular Sibirdan bir mashinada ko’ch-ko’lon, ikki o’g’il, ikki qiz bilan qaytib kelishadi.
Nadomatlar bo’lsinkim, Sharifa opa bundan besh yilcha muqaddam hayotdan quz yumdilar.
Ey, farzand! Oila jamiyat beshigi bo’lsa, farzand belning quvvati, zurriyotning davomchisi, chirog’imizni yoqib qoluvchi irsiyatimizdir!
Shuni bilki, bolakaylar shovqini egallamagan xonadonni asta-sekinlik bilan zohiriy vahima sharpasi egallay boradi.
Tag’in shuni bilginki, bu dunyoda sog’lom farzandini ko’tarib turgan juvondan go’zal, jozibali sanam hech yerda yo’q va bo’lmaydi ham!
Baski, shunday ekan, farzandlar mo’l, sog’lom, aqlli, o’qimishli bo’lishiga erishmoq kerak. Shunday ish tutmoq zarurki, bolalarimiz, faqat umrimiz davomchisi bo’lib qolishmasin, balki bizdan ham ustunliklarga erishsin. Fan nomzodining o’g’li, masalan, kamida fan doktori bo’lmasa, avlod taraqqkiyotga erisholmay qoladi-ku! Sen faraz qilaylik, uch tilni biladigan bo’lsang, bolang kamida besh-olti zabonda burro bo’lmog’i lozim.
Afsuski, hayotda noqobil odamlar oz emas. Qotillar va sotqinlar, giyohvandlar va fohishalar, bezorilar va qalloblar...
Eh, ular ko’p! Bu odamlarning birortasi ham yomon bo’lib tug’ilmagan. Oilaviy tarbiyaning qo’pol nuqsonlari sabab bo’lib, ana shunday nobop yo’llarga chalg’ib ketishgan ular.
Biologik jihatdan kichik harf bilan yoziladigan inson sut emizuvchilar oilasidagi homo sapiyens turiga mansub bo’lsa hamki, katta harf bilan bitiladigan Inson — ko’zlarida nuri munavvar, qalbida ezgulik shamchirog’i, niyatida ustuvorlik, so’zida eminlik bo’lgan oliy zotdir!
Ota-ona o’z farzandlarining qilmishlari uchun butun jamiyat va tarix oldida javob berishi kerakligini bir daqiqa bo’lsa ham yoddan chiqarmanglar!
Farzandlarning murg’ak qalblariga zariflik, zakiylik va shafqat urug’ini ko’proq, sepinglar; ularni zukko tarbiyachi, shohista muallimlar qo’liga topshiringlar, toki kelajakda faqat o’z oilasigagina emas, millati, xalqi, vataniga ham sharifliklar keltirsin!
SUXANDONLIK, XUSHXATLIK VA MILLATGA
EHTIROM XUSUSIDA
Ey aziz farzand! Bu dunyoni qurol bilan emas, so’z sehri bilangina zabt etish mumkinligini hamisha yodda tut. Zukko suxandonlar, xushxat diplomatlar, xatnavis xattotlar hamma zamon va jamiyatlarda qadrlangan. Faqat ana shunday noyob iste’dodga ega bo’lgan kishilargina afkor va noafkorlarni o’zlariga ergashtirishlari; ularni kurashlarga da’vat etishlari mumkin.
Minbarda yoki davrada bo’lganingda shunday sershira so’zlashga odatlanki, odamlar sendan zarra ham bezishmasin, bar’aks, vujudlari quloqqa aylanib tinglashsin, istiqbolingga qarab talpinishsin. So’z faqat aloqa vositasi emas, kerak bo’lganda u qilich ham, qalqon ham. Kalom ezgulik va kamolot, eminlik va da’vatkorlikdan dalolat bersin!
Zero:
Olqishlayman nurga
Intilsa har kim.
Nur sochganlargachi
Etaman ta’zim!
Suxandonlikning o’z taomil, talablari borligini yoddan chiqarma. Ko’pchilikmi, ozchilikmi — bundan qat’iy nazar, odamlar oldida so’zga chiqishdan oldin mas’uliyatni his etib, obdan taraddud ko’rishga to’g’ri keladi.
Bahsu munozara daqiqalarida o’zgalarning fikrlarini ham ehtirom ila tingla; qizishmay, jahlga minmay, andak bo’lsa ham ovozni ko’tarmay, faktlar, dalillar bilan kurashgin.
Zotan, jahliga hokim — hammaga hokim!
Ovozingni ko’tardingmi, demak sen nohaqsan!
Xatto to’g’ri so’z ham g’azab va nafrat bilan aytilsa, u haqoratga o’xshab ketadi.
Shu yodingda bo’lsinki, turfa yig’inlarda odamlar o’zlarining ustun tomonlarini namoyish qilish payida bo’ladilar. Shuning uchun ham bunday daqiqalarda ularning xislatlari, ustuvorliklarini e’tirof et. Ko’pchilik orasida o’zgalarning nuqsonlarini ochsang-u o’z kamchiliklaring xususida gapirmasang, yoki seni tanqid qilganlarni ta’qib qilsang, mardlikdan bo’lmas!
Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, o’z-o’zini tanqid qilish yo’lga qo’yilmagan, oshkoralik, demokratiya jo’mraklari berkitilgan joyda yoki jamiyatda taraqqiyot bo’lmaydi.
Sening tanqiding kishilarni rag’batlantirsin, kurashga chorlasin!
Zero:
Bulbul g’azalini tinglay deb inson
Intilar boqqa
Yaxshilar, bo’lmasin bog’da hukmron:
Qurbaqa!
Qulog’ingga aytadigan yana bir andisha.
Sen siyosat bilan shug’ullanmasang, siyosat sen bilan shug’ullanadi, deyishadi. Lekin, shu bilan birga siyosatni g’irrom uyinga chiqarishadi. Bu masalada yetti o’lchab, bir kesishingni maslahat beraman. Odamlarning tinchligi, farovonligini chinakamiga birinchi o’ringa qo’ymagan, allaqanday mansab, shuhrat ilinjida bo’lgan aldam-qaldam siyosatbozlardan senga nima naf? Zotan, Shayx Sa’diy ramziy qilib, topib aytganlar:
Puling yo’q, bozorda nima bor sanga?
Tag’in chang solmasin, birov sallanga!
Umuman, o’tdan ko’ra tutun serob bo’lgan muhitdan chetroq turgan ma’qul. Bizning ja’mi toat-ibodatlarimiz, va’zxonlik-u namoyishlarimiz insonning bir tomchi qoniga arzimaydi, bolam!
Shuningdek, kechagina o’pgan bayrog’ini bugun paytava qilgan riyokor va nobakorlardan ehtiyot bo’lmoq kerak! Va o’zini minbarga urayotgan har bir kishi xalq g’amida emasligini unutma!
Inson chinakam demokratiya, erk uchun bir umr kurash olib bo– radi!
Buning farqiga bor va ana shu ezgu kurashdan o’zingni chetga olma!
Minbarda aytilgan so’z shudgorga sepilgan uruqqa o’xshashi — vaqt o’tishi bilan ildiz otishi, hosil berishi lozim.
Bilib qo’y: donolar nafratini, nodonlar hayratini oshiradigan narsa, soxtalik va jo’nlikdir!
HIKOYAT
U paytlar viloyat gazetasida xizmat qilardim. Bir kuni muharrir o’rinbosari Ahmadjon Muxtorov biz — bir necha jurnalistlarni yig’ilishga taklif qilib qoldi.
— Said Usmonov so’zga chiqadilar, — dedi, — daftarlaringni olinglar — foydali gaplar ko’p bo’ladi.
Said Usmonov bag’oyat bilimdon, xushsuxan olim ekanligini eshitgan bo’lsam-da, u kishini ko’rmagan, suhbatidan bahramand bo’lmagan edim. O’ttiz-o’ttiz besh yoshlardagi, yuzidan nur yog’ilib turgan, xushtabassum kishini ko’z oldingizga keltirib ko’ring-a.
Shungacha minbardagi kalomning bu qadar sehrli bo’lishini tasavvur qilib ham ko’rmagandim. Tilimizning bunchalik sershira, kalomimizning serjoziba ekanligini daf’atan tuyganday bo’ldim. Olim o’ziga xos salobat bilan iqtisod va uning omillari xususida so’z yuritardi. Iqtisodday zerikarli fan o’zgacha mazmun kashf eta boshladi.
Odatda yig’ilishlardan o’zimni chetga olardim; shundan keyin esa iqtisodchi olimimiz so’zga chiqadigan majlislarga qarab intiladigan bo’ldim.
Ko’p o’tmay u kishi Bulung’urda chiqish qildi. Zal suv quygandek jim-jit. Yo’q, odamlarni sehrlagan kuch faqat aktyorona harakatlar, tinglovchi mushohada yuritib olishiga imkon beradigan pauzalargina emasdi, eng muhimi — aql va jasorat edi!
O’tkir, jo’yali so’z, ravshan fikr ortiqcha izoh talab etmas va vujudlar quloqqa aylanib har bir kalomni hazm qilish ishtiyoqda bo’lardi.
Olim fermerlar haqida obdon gapirib, ish yuritishni o’shalardan o’rganishga da’vat etardi. O’ttizinchi, qirqinchi yillarda bunday raftor qilgan olim yoki rahbarni «halq dushmani»ga chiqarishardi, men hikoya qilayotgan yetmishinchi yillarda ham qaltisroq edi bu gap.
Samarqand viloyatida mazkur islohotlar joriy etila bordi. Ayrimlar oilaviy zvenolar tashkil etib, ijaraga yer oldilar, brigadalar xo’jalik hisobiga o’ta boshladi. Keyin esa sho’rolar byurokratizmining beshafqat mashinasi bu o’zgarishlarning oldiga g’ov qo’ydi.
Mayli, bu — alohida mavzu.
Gap so’z bilan ishning birligi, kalom qudratida.
Bolalarim! Tag’in shuni yodda tutinglarkim, har bir kishi eng avvalo o’z onasi alla aytgan zabonda burro bo’lmog’i kerak! Ammo shuning o’zi bilan kifoyalanish cheklanish demakdir. Jahon miqyosidagi tillarda ham chechan bo’lmasalaring, omad eshiklaringni qoqmay qo’yishi mumkin.
Tag’in: u yoki bu hududdagi go’zallar ko’rigi g’olibini bilmasalaring hamki (aslida uni ham bilib qo’yish foydadan xoli emas) yozuvchilar, rejissyorlar, qo’shiqchilar, rassomlar, kompozitorlarni bilmaslik; ularning san’atidan bebahra qolish yetuklikdan dalolat emas!
Endi bag’oyat nozik bir mavzuda, quloqlaringa sekingina aytadigan ikki og’iz so’z.
Bu — milliy masala, albatta. Nazarimda bobolarimiz bizdan ko’ra ancha baynalminal bo’lishgan. Ularning qomusiy asarlarini varaqlasangiz, biror millatga nisbatan jilla bo’lsa ham bepisandlik alomatlarini sezmaysiz. Bobokalonlarimiz ko’p hollarda turkiydan tashqari, arabiy, forsiy tillarni ham bilishgan; (Behbudiy hazratlari bularga qo’shimcha tarzda rus tilini ham bilishni tavsiya etadilar). Shuning uchun ham Sharq madrasalari, bozorlarida o’zlarini erkin va mag’rur tutishgan. Biz ulardan ibrat olmog’imiz shart! Biz Mahmo’dho’ja Behbudiy nomlarini tilga oldik. Shu bahonada ashraf bobolarimiz — jannati jadidlar haqida gapirib o’tmasak, suhbatimiz kemtik bo’lib qoladiganday. Bugungi mustaqilligimizning tamal toshlarini asr boshida o’sha jo’mard donishmandlar qo’yishgandi. 1917 yilda Qo’qonda Muxtoriyat e’lon qilgan, Oktyabr inqilobini zo’ravonlik deb atagan, o’z hisoblaridan maktablar, kutubxonalar, teatrlar, gazeta, jurnallar ochib, halqni ma’rifatga chorlagan va bilimsiz halq hech nimarsaga, jumladan, mustaqillikka ham erishishi mumkin emasligini qayta-qayta ta’kidlagan sarchashma bobolarimizga sharaflar bo’lsin!
Har bir millat o’z botqog’i bilan faxrlanadi, har bir xalq o’zi yaratgan falsafaga, o’zi tanlagan boshliqqa munosib bo’ladi, deyishadi. Millatning buyugi bo’lmaydi, binobarin, sening ham millating o’zgalardan ustun yoki past emas! Barodarlik barobarlikdadir! O’z millatini o’zgalardan ustun qo’yish, bu yo’lda turfa vositalarni ishga solish bilan o’lchanmaydi, balki kamolot sari intilish, millatdoshlarini ergashtira bilish bilan belgilanadi. Kishi o’z oilasini qadrlashi zarur, ammo uni ko’pchilik orasida maqtashi kamtarlikdan emas. Millat masalasida ham mantiq xuddi shuni taqozo etadi. Millatning yomoni yo’q, ammo jabrdiydalari, dili o’ksiklari, kamsitilganlari, vatangado qilinganlari, xo’rlanganlari anchagina.
Sen o’g’lim, ularga aka, uka, o’g’il bo’lib, peshonalarini sila, ko’ngillarini ko’tar!
Sen qizim, ularga hamdard, hamshira bo’lib, ko’z yoshlarini artib qo’y!
Har holda «xalq» bilan «olomon» tushunchalari orasida qancha farq bo’lsa, «xalq» bilan «millat» orasida ham shuncha tafovut borga o’xshaydi. Lekin olomon ham, xalq ham, millat ham o’zining buyuk farzandlari bilan faxrlangani singari, nobop odamlari, noxush qilmishlaridan or qilishni ham o’rganmog’i kerak! Qilmish deb ataladigan noxush xotira pistirmada turgan dushmanga o’xshaydi — u bot-bot seni o’qqa tutaveradi.
Qilmish uchun xudo va vijdon oldida hisob berishimiz kerak!
Mardlikning taomili shunaqa!
HIKOYAT
Anton Pavlovich Chexovning «Pomeshchik qo’rg’onida» degan hikoyasi bor. Unda oqsuyak Pavel Ilich Reshevichning past tabaqali kishilarga haddan tashqari bepisandligi; xudbin, injiq bo’lgani sabab odamlar uni xushlamasliklari tasvirlangan.
Pomeshchikning bo’yga etgan ikki qizi bor. Uyezdga yaqinda ishga kelgan tergovchi Meyer Reshevichning katta qizi bilan tanishib qoladi va ularnikiga mehmon bo’lib keladi. Bu dargohga hech kim oyoq, bosmay qo’yganidan bo’lsa kerak, oila, jumladan, Reshevich ham ana shu holdan behad quvonadi. Ammo pomeshchik o’z odatiga ko’ra tag’in o’sha eski diydiyosini boshlab, meshchan falsafasini davom ettiradi.
«Oqsuyakning tabiiy va tarixiy vaj hamda dalillari bor, azizim, va buni inkor etmoqlik, menimcha, kiyikning shoxi yo’q, deyishga o’xshash noma’qul bir gap. Agar men isqirtga, malayvachchaga qo’l bermas ekanman, buning ma’nisi, olamdagi eng yaxshi narsalarni himoya etganim, bizni kamolot sari eltuvchi ona tabiatning eng yuksak yo’l-yo’riqlaridan biriga amal qilganim bo’ladi. Biz ham endi xuddi G’arb risarlari mo’g’ullar hujumini qaytarganidek, vaqtni o’tkazmasdan, darhol qo’zg’almog’imiz va bir yoqadan bosh chiqarib, dushmanga zarba bermog’imiz lozim. Qachongacha ularga ko’ngilchanlik qilamiz?! Bas endi! Hammamiz gapni bir joyga qo’yib, isqirtlar yaqinimizga keldi deguncha nafratimiz qo’zg’ab, iflos basharasiga qarata: «Yo’qol, bu yerdan qo’ng’iz, sening tenging – to’ng’iz» deydigan bo’laylik....»
"Men unday qilolmayman," dedi zo’rg’atdan Meyer va yuzini o’girdi.
"Nega endi, so’radi Reshevich. U g’alati suhbat, uzoq mubohasa va talashuvlar bo’lishini ko’zlab joni kirgan edi. — Nima uchun?"
"Chunki, men o’zim pastki tabaqadanman." Bu iqrordan Meyerning o’zi qizarib ketdi, hattoki bo’yin tomirlari shishib, ko’zida yosh paydo bo’ldi."
Ey farzand! Bilaman, sen odamlarni tabaqalarga ajratmaysan. Ammo beandishalik qilib, millatga ajratishingdan havotirdaman. Yangi tanishing, suhbatdoshing yoki davradoshlar qaysi millatga mansubligini bilmay, uning nozik tuyg’ulariga tegib qo’yish, gumrohlikning o’zginasidir.
Turfa davralarda u yoki bu millatning sha’niga tegadigan latifalar aytib yurish ham vaysaqilikdan o’zga narsa emas!
Ustoz Asqad Muxtor bilan bu mavzuda ham suhbatlar qurganimiz yodimda. Xotiramda qolganlarini qog’ozga tushirishga sa’y harakat qilaman.
Dedim:
— Aytingchi ustoz, kishi suxandon, xushxat va boehtirom bo’lganda nimalarga erishadi?
Dedilar:
— Omad ularga ikki qo’lini cho’zgan go’dakdek talpinadi.
Dedim:
— Siz bunday kishilarga ne muruvvat va saxovatlarni ravo ko’rardingiz?
Dedilar:
— Ixtiyor menda bo’lsa, mehrimni quyoshga qo’shib berardim.
Dedim:
— Minbarga ko’tarilayotgan kishiga nima deyishni istardingiz?
Dedilar:
— Sen rohib emassan, notiqsan — yuragingni och!
Dedim:
— Xatnavislarga nimalarni yozishni maslahat berardingiz?
Dedilar:
— Haqiqatni!
Dedim:
— Millatchilik nimalarga olib keladi?
Dedilar:
— Milliy adovatga.
Dedim:
— Milliy adovatchi?
Dedilar:
— Xunrezlikka!
ITOAT ETTIRMOK, VA BO’YSUNMOQ
XUSUSIDA
Asr dovonidan oshgan, ter va ko’z yoshi ta’mini yetarlicha tatib ko’rgan bir mo’ysafidga savol beribdilar: "Qanday qilib, buncha umr ko’rdingiz?" Otaxon debdi: "Umr bo’yi hech kimga bo’ysunmadim va hech kimni bo’ysundirmay yashadim:
Ey farzand! Bilki, biz kimlargadir tobemiz va allakimlar bizning qarshimizda bosh egib turishga mahkum etilgan. "Bo’yin sunish degan kalomning andak o’zgargan mazmun, shakli va mohiyatiga e’tibor ber. Shuning uchun itoatkorlik ham, itoatgo’ylik ham umrning egovidir.
– Mayli, meni ur, ammo gapimga quloq sol, degan edi afinalik Spartak o’z xo’jasiga.
Yana shuni bilib qo’yginki, kishilar aksariyat hollarda boshliqqa ishonadilar, e’tiqod qo’yadilar, ammo amaldorlar qo’l ostidagi odamlardan shubhalanib yuradilar.
Modomiki dunyo shunaqa qurilgan ekan, bunga qarshi bosh ko’tarmoq nojoizdur. Hamma zamonlar, jamiyatlar va tuzumlarda ham shunday bo’lib kelgan: hokimlar, amirlar, ijroqo’m raislari, sarkotiblarning, ko’p hollarda ideallari tuzuk bo’lsa hamki, o’zlari boshqa narsalarga intilganlar; ular Qur’oni Karimga ham xiyonat qilishdan toyishmagan. Zamonlar o’tgan sari bo’ysunuvchi kishilar talabchan, haqgo’y va andak beandisha bo’lib borgani singari, mansabdorlar ham chechan, makkor va beshafqat bo’lib boraverganlar.
Har holda rahbar bilan amaldorning farqi yo’q emas!
Lekin insof bilan aytganda, bizning zamonda boshliq bo’lish unchalik jo’n ish emas. Asablarning doimiy tarangligidan bo’lsa kerak, ularning aksariyati pensiya yoshiga etmay infarkt, insult, qon bosimi singari dardlarga mubtalo bo’lishadi. Baski shunday ekan, jamiyat adolatli rahbarlarni qadrlamog’i kerak. Kimga ko’p huquq berilgan bo’lsa, undan shuncha ko’p talab qilinishini unutishga haqqimiz yo’q! Boshliqqa itoat etmay, uni bepisand qilishni g’urur deb bilmoq xato, albatta! Ey farzand! har qanday mansab sohibi bo’lganingda ham odamlar bezib ketadigan darajada qattiqqul yoki oyoqosti qilib o’tadigan holatda lakalov bo’lma! Shunday ish yuritmog’ing kerakki, mabodo vaqti kelib, amal kursisidan ajralib qolsang, tanishlaring yuz o’girishmasin. Buning uchun qavmlarga mehribonlik ko’rsatib tursang, mahallaning to’y-ma’rakalaridan o’zingni chetga olmasang, an’analarga befarq bo’lmasang, kishilarning yaxshi kunlarida qo’llarini qisib qo’ysang, mushkul daqiqalarida peshonalarini silasang — kifoya!
Mansab pog’onalariga qarab ish yuritish taomillari ham takomillashib boradi. Ammo har qanday kursini tavsiya etishganda, obdan o’ylab ol: biliming, qobiliyating, tajribang yetarlimi; avvalgi rahbardan oshiribroq ish yurita olasanmi?! Mabodo dilingga o’tirishmasa, yuragingni jizillatmasa nazokat bilan rad et. Mardlikning taomili shunaqa. Kuch-quvvating, imkoniyating darajasidan tashqari bo’lgan zo’riqish seni ma’naviy jihatdangina emas, jismoniy jihatdan ham majruh qilib qo’yishi mumkin. Ahir sen ota-ona, farzandlar, jamiyat uchun sog’lom bo’lishing, ko’proq yashashing kerak-ku!
Har qanday kasbu hunar singari rahbarlik ham senga zavqu shavq ato etsa; ilhom, ishtiyoq bilan ishlasang tatiydi. Shunday ish tutginki, do’stu qarindoshlar, keksalar va majruhlar, ayollar va jabrdiydalar huzuringga kirolmay, aziyat chekishmasin. Inchunin, jurnalistlar, yuristlar, sobiq mansabdorlar jahlga minib qaytishmasin: bu toifadagilar ko’p hollarda kek saqlaydigan bo’lishadi.
Endi o’rinbosar xususida. Buyuk Kaykovus yozadi: "Barcha ishni vazirga taslim qilmag’il, uning ra’yiga hamisha muhtoj bo’lmagil." Vazir har odam haqida so’z aytsa eshitgil, valek darhol qabul qilmagil. Anga deginki: "O’ylab ko’rurman, agar ma’qul topsam, bu yumushni sanga topshirurman. Agar hoh qari, hoh yigitlikda podshoh bo’lsang, qari kishini vazir qilgil."
Bu qomusiy o’gitlarga biror fikr qo’shish mushkul. Faqat shuni aytib o’tishni istardimki, o’rinbosarning keksarog’i, shofyor va kotibaning yoshrog’i afzal. Ular halol, sadoqatli, shu bilan birga hushyor, zukko kishilar bo’lishsin.
Qonunlar bizni himoya qilishi kerak bo’lganidek, biz ham qonunlarga bepisand bo’lmaylik. Ayniqsa, rahbar bu masalada nodonlikka yo’l qo’ysa, beburd bo’lib qolishi hech gap emas!
Sen rahbar bo’lgan davrda siyosat-u vaziyatlar o’zgarib qolishi mumkin. Bunday paytda uzoqni ko’zlab, aql bilan ish yurit. Ta’na malomatlarga, ikkiyuzlamachilarga nisbatan vazmin bo’l. Har ehtimolga qarshi o’zga yerlardan o’zingga va yaqin kishilaringga ish daraklab qo’y!
Vazifasidan nohaq bo’shatilgan ayrim tadbirkor, dono rahbarlar hech o’ksimay kichik va o’rta biznesga qo’l urib, yanada ustuvor shuhratlarga erishganini bilaman. Nazarimda, ular to’g’ri yo’l tutishdi.
Mansabdan ajralishni sira ham baxtsizlik deb bilma!
Ey farzand! Senga tobe bo’lgan uddaburro kishilarni e’zozla! Ayrim illatlari uchun ularning dillarini xufton qilma. Agar bilsang, jamiyatning yetakchi kuchlari — ana shu uddaburro odamlardir. O’ttiz-qirk, yilda yetishib chiqqan ishchan rahbarning oyog’iga bolta urish — endigina g’arq hosilga kirgan daraxtni qulatishdek uvol ish!
Birovni bo’ysundirishdek itoat etish ham murakkab jarayon. Har holda boshliqning ishonchiga sazovor bo’lmoq kerak. Bu tadbirni hamkasb do’stlarni ko’paytirish, ularning ko’nglini topish bilan birga olib borishni o’rgan. Ishxonada ikkiyuzlamachilar, g’iybatchilar va turli... chilar bo’lishi mumkin. Sen ulardan ustun turishning tadbirini qil va atrofdagilarga nisbatan hushyorlikni susaytirma.
Jamoada guruhlar paydo bo’lganda ( nachora — hayot. Bu ham istisno emas) adolat va haqiqat tomonda bo’l. Bu kurashda mag’lub bo’lsang ham zarracha o’ksima! Ammo har qanday sharoitda ham intizom, ishchanlik, jamoaga g’amxo’rlik saqlanmog’i kerak!
HIKOYAT
Bir mahallar chumolilarning hayot tarzini kuzatganim yodimda. Ungacha dunyoda asalari oilasidek intizomli va mehnatkash uyushma bo’lmasa kerak, deb o’ylardim. Qarasam, chumoli ham undan qolishmas ekan.
Bu o’lkan ro’zg’orda katta va kichik lavozimdagi boshliqlar (ularni qanotidan aniqlash mumkin) bo’lib, qolganlari umr bo’yi mehnat qilishga mahkum etilgan jonivorlardir. Ishchi chumolilar tuxumdan chiqqan zahoti ro'zg’orning temir intizomi, tabiatning instinkt degan qonuniga buysunib ishga kirishadi. Avval yo’laklarni, omborlarni tozalaydi, chiqindilarni olib ketadi. So’ng qish tashvishi...
Chumolilar odamlarday yig’ilishlar o’tkazishmaydi; ularda mahalliy qo’mita ham yo’q. Ammo metin intizom, halol va fidoyi mehnat bor. Bu jamoada dangasalar va badmastlar, g’iybatchilar va laganbardorlar, nigilistlar va ekstremistlar, hoinlar va ablahlar yo’q. Mehnat hamma uchun birinchi zarurat, intizom hamma uchun qonun! Ularning bir-biriga, oilaga g’amxo’rligi haqida o’nlab ilmiy va badiiy asarlar bitish mumkin. Masalan, oila a’zolaridan birortasi yaralanib yoki xastalanib qolguday bo’lsa, galalashib unga girgitgon bo’lishadi. Ja’mi jonivorlardan farqli o’laroq, nobud bo’lgan sheriklarini chiqarib ko’mishadi. Biror falokat ro’y berganda, masalan, inlari buzilganda yoki uni suv bosganda eng avvalo tuxumlari, palaponlari, yaradorlarini olib qochishadi.
Vaholanki ular — chumolilar!
TABIAT MUHOFAZASI VA TANSIHATLIK
XUSUSIDA
Ey, aziz farzand! Kornell dorilfununining (AQSH) olimi J.M. Stoykos barcha ijtimoiy islohotlarni, shu jumladan, ekologik evolyusiyani to’rt bosqichga bo’ladi.
1. Gap ham yo’q, ish ham.
2. Gap bor-u, ish yo’q.
3. Gap bor, ish ham bor.
4. Gap tugadi, ish boshlandi.
Biz, nazarimda ikkinchi bosqichni yakunlab, uchinchisiga o’tyapmiz. Lekin bir gunohni gardanimizga olishimiz kerakki, insoniyat taraqqiyoti davomida hech qaysi avlod tabiatni bizning asrdoshlardek qaqshatmadi. G’or odamlari mamontlarni qirganini ayuhannos solib ayblagan holda o’nlab, yuzlab parranda, jonivor turlarini batamom yo’qotdik; yer usti va yer osti suvlarini, shaffof havolarni zaharladik. Eh, bu talafotning ko’lami naqadar katta va dahshatli ekanligini bilganingda edi! Birgina yerosti suvini olaylik. Endi uni hech qachon qayta tozalab bo’lmaydi va yillar osha u avlodlarimizni zaharlayveradi.
Hozir odamlar atrof-muhit muhofazasi xususida ko’proq, balandroq gapiradigan, allanimalarni talab qiladigan bo’lib qoldilar. Jurnalist ham, artist ham, yurist ham tabiat jonkuyariga aylanib borayotganga o’xshaydi. Agar bilsang, bu o’zgarish allaqanday oshkoralik samarasi emas. Odamlar qilmishlaridan hijolat tortdilar yoki ular o’sha yuz-ikki yuz yil keyin yashaydigan zurriyotlar taqdiridan bezovta desak ham juda oldinlab ketgan bo’lamiz. Tabiatga yetkazilgan zarar bevosita jismu jonlariga yetkazilgan jarohat ekanligini his etdilar ular. O’zlari va bolalarining turfa kasalliklariga jo’mrakdan oqayotgan suv, dasturxondagi ne’mat, havodagi og’u sabab bo’layottanligini bilib qolishdi, xolos!
Insoniyat taraqqiyoti davomida xushfe’l otalar hamisha zurriyotlar haqida g’amxo’rlik qilishgan, ularga boy meros qoldirish payida bo’lishgan. Nadomatlar bo’lsinkim, biz kelajak avlod haqiga chang solish bilan kifoyalanmay, ularning nasibasini ham zaharlashda davom etdik!
Hozir rasmiy va norasmiy davralarda, "ekologik xavfli xudud" degan juda noxush ibora paydo bo’ldi. Demak, bunday hududdan inson ko’chib ketishi shart! Ey Ollohu Azim-ush shon! Mening yurtimni ana shunday dahshatli hududga aylantirma!
Sen bolam, biz gumrohlarning gunohlarimizni yengillashtir, nuqsonlarimizni takrorlama. Mabodo, muallim bo’lsang, bolakaylarning quloqlariga quy: ular yashil olamga, zaminga mehr qo’yishsin; mabodo olim bo’lsang, muammolarni ochib ber, odamlarga munavvar yo’llarni kursat! Rahbar bo’lsang, bu borada qo’l ostingdagi kishilarga ibrat bo’l. Xullas, kim bo’lsang hamki, bong ur, da’vat et, toki odamlar hushyor tortishsin: xatolardan o’zlarini tiyishsin!
Shuni yodda tutginkim, bundan keyin millatning madaniyati uning atrof-muhitga bo'lgan munosabatiga qarab belgilanadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий